MIRZO ULUG’BEK

Mirzo Ulug`bek Tarag`ay

       Ulug`bek Sohib Qiron Amir Temurning nabirasi, Shoxruhning to`ng`ich o`g`li bo`lib, onasi Gavharishod og`a  nufuzli qipchoq amirlaridan Qiyosiddin tarxonning qizi edi. U jahongir Temurning Iroq va Ozarbayjonga qilgan harbiy yurishi vaqtida 1394 yil 22 martda Sultoniya shahrida tug`iladi.

Ilmiy uslubiyot bo`limi

Mirzo Ulug`bek Tarag`ay

Toshkent 2009

Ulug`bekning bolalik va yoshlik yillari

       Ulug`bek Sohib Qiron Amir Temurning nabirasi, Shoxruhning to`ng`ich o`g`li bo`lib, onasi Gavharishod og`a  nufuzli qipchoq amirlaridan Qiyosiddin tarxonning qizi edi. U jahongir Temurning Iroq va Ozarbayjonga qilgan harbiy yurishi vaqtida 1394 yil 22 martda Sultoniya shahrida tug`iladi.

Temurning hohishi bilan bolaga Muhammad Tarag`ay deb nom qo`yadilar. Lekin u yirik olim va fan arbobi bo`lgani tufayli ko`prok Ulug`bek ismi bilan mashxur bo`ldi.                  

       Temur saroyida hukm surgan an’anaga binoan, shahzodalar bobosining katta xotini Saroymulkxonim tarbiyasiga topshiriladi. U yoshligidan o`tkir zehnli, kuchli xotirali, teran fikrli, qat’iyatli bo`lib yetishdi.

         Ulug`bekning bolalik yillari haqida ana shuni ham aytish kerakki, u hamisha  bobosining diqqat e’tiboriga sazovor bo`lgan. Temur butun muhabbatini ziyrak, hamma  narsani bilishga harakat qilgan nabirasiga qaratadi va uning tarbiyasiga zo`r e’tibor berdi.

       Ulug`bek bilimdon va tajribali murabbiylar ya’ni astronomiya ilmining bilimdoni Salohiddin Muso ibn Mahmud qozizoda Rumiy raqnamoligida fan asoslarini ayniqsa astranomiya ilmini puxta o`rgandi. Ular Ulug`bekni  diniy va dunyoviy ilmlarning asosi bilan yaqindan tanishtirdilar. Bir qator manbalarda keltirilishicha, 1397-98 yiliyoq, kelajakda katta shoir  va olim bo`lib yetishgan shayx Orif Ozariy ham Ulug`bekning murabbiysi qilib tayinlangan edi.

         Ulug`bek juda yosh bo`lishiga qaramay, davlat kengashlariga, mas’ul qabul marosimlariga ham kiritilar va  hamisha bobosining chap tomonida o`tirar edi. Demak, Temur bu nabirasini davlat ishlarini boshqarishga ham tayyorlab borgan.

           Ulug`bekning yoshligi Movorounnahrda markazlashgan yirik davlat yuzaga kelgan sharoitda, bobosi Temurning  harbiy yurishlari davrida o`tdi.

Temur Ulug`bekni ko`pincha bu yurishlarda o`zi bilan birga olib yurdi. Masalan, 1398 yili Hindistonga, 1399-1404 yili Turkiyaga, 1404 yili Xitoyga qilgan yurishlarida Ulug`bek bobosi yonida bo`ldi.

Mirzo Ulug`bek davridagi tarixiy jarayonlar.

       1404 yili Temur  Ulug`bekka sevimli va e’tiqod qo`ygan  nabirasi Muhammad Sultonning qizi O`ga begimni olib beradi va sovg`a tariqasidaToshkent, Sayram, Ashpara va butun Mo`g`ulistonni xadya qilib beradi.

         Temur vafotidan so`ng (1405 yili) Temuriylar o`rtasida hokimiyat uchun kurash boshlanadi, siyosiy parokandalik kuchayadi. Bu  kurash  natijasida 1409 yili Xuroson va Movorounnahrda ikki mustaqil davlat yuzaga keldi. Markazi hirot shahri bo`lgan   Xurosonga  Shohrux, markazi Samarqand bo`lgan Movorounnahrga Uluhbek hukmdor bo`ldi.

          Ulug`bek bobosi singari harbiy yurishlar qilmadi. Uning harbiy yurishlari yaqinlashib kelayotgan xavf-xatarni bartaraf qilishga qaratilgan bo`lib, qisqa muddatli bo`lgan. Masalan, 1424 yil noyabrda Ulug`bek qo`shinlari Mo`g`ulistonda Ulug`bek ishonchini oqlamagan Shermuhammadxonga  qarshi katta yurish qilib, 1425 yil bahorida g`alaba qozondi. 1427 yili quyi Sirdaryo havzasidagi hududlarni davo qilib chiqqan ko`chmanchi o`zbeklar qoni Baroqxonga  qarshi yurishda mag`lubiyatga uchradi. Shundan so`ng 20 yil mobaynida harbiy yurish qilmagan.

         1447 yili Shohruh vafot etgach, Ulug`bek Xurosonni Movorounnahr bilan birlashtirib, kuchli davlat tuzishga harakat qildi, lekin qattiq qarshilikka duch keldi. 1448 yil bahorida hirot yaqinidagi Tarnob degan joyda Ulug`bek bilan jiyani Alovuddavlat o`rtasida Shohruh toju taxti uchun katta jang bo`lib o`tadi, qo`shinning chap tomonida Ulug`bekning katta o`g`li Abdulatif, o`ng tomonida kichik o`g`li Abdulaziz qo`mondonlik qildi. Jang Ulug`bek g`alabasi bilan tugadi, lekin g`alabanoma Abdulatif nomidan emas, faqat Abdulaziz nomidan e’lon qilindi. Bundan tashqari Abdullatifning hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asidagi mol-mulkini davlat mulkiga o`tkazilishi o`g`ilning otaga nisbatan dushmanligini yanada oshirdi.

Ulug`bek hirotda Abdullatifni qoldirib, o`zi Samarqandga ketdi.Ulug`bek qolgan umrmni  o`z observatoriyasida ilmiy ishlar olib borish uchun bag`ishlashga qaror qiladi. Lekin dushmanlar bunga yo`l qo`ymaydilar. Unga Makkaga borib xaj qilib, gunohlaridan pok bo`lib qaytishni taklif etadilar.

          O`g`ilning otaga dushmanligidan Ulug`bekning raqiblari mohirona foydalanadilar.  1449 yil kuzida Abdulatifning ko`rsatmasi va ruhoniylarning fatvosi bilan tunda xaj  qilish uchun Makkaga junab ketgan Ulug`bekning ketidan quvib , uni Samarqand yaqinida xoinlarcha o`ldiradilar.

         Shunday qilib, astronomiya va matematika fanlari sohasida mashhur asarlar yaratgan, o`rta asrda eng katta observatoriya qurib, Sharq astronomiya maktabini vujudga keltirgan, o`ziga zamondosh bo`lgan eng yaxshi olimlarni atrofiga to`plab, ularning ilmiy ish olib borishlariga katta imkoniyatlar yaratib bergan va bunday olijanob xizmatlari tufayli  dunyo fani tarihida o`chmas nom qoldirgan ulug` olim ijodiy kuchlari qaynagan paytda,56 yoshida johil ruhoniy fitnachilar bilan o`z o`g`li tomonidan o`ldirilgan.  Uning jasadi Samarqandga dafn etilgan.

Mamlakat obodonchiligi yo`lida

 Ko`hna Samarqand Temur va Temuriylar zamonida, ayniqsa Ulug`bek hukmronlik qilgan yillarda (1409-1449)  yanada gullab yashnadi; hunarmandchilik, me’morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. Ulug`bek farmoyishi bilan Buxoroda (1417), Samarqandda (1420), G`ijduvonda (1432-33) madrasalar va Marvda xayriya muassasalari qurildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari poyoniga yetkazildi.

        Ulug`bek bulardan tashqari, talaygina jamoat binolari, ya’ni karvonsaroy, timlar,chorsu, hammom va hokazolarni ham qurdirgan.Karvonsaroylardan eng kattasi Registon, hozirgi Tillakori madrasasi o`rnida bo`lgan va Mirzoyi Karvon saroyi nomi bilan shuxrat topgan.

Bunday karvon saroylar Ulug`bek zamonida, shaxar ichkarisidagina emas, balki Samarqand bilan tutash hamma savdo yo`llarida qurilgan edi.

       Ulug`bek Mirzo bobosi  davrida qurila boshlagan, lekin ayrim sabablarga ko`ra bitmay qolgan talaygina binolarni ham bitkazdi. Go`ri Amir maqbarasi, Shohi zinda mozori va Shaxrisabzdagi Ko`k gumbaz masjidi shular jumlasidandir.

Ulug`bekning ilmiy va madaniy merosi.

     Ulug`bek buyuk astronom, matematik, davlat arbobi. U O`rta Osiyo xalqlari ilmu fani va madaniyatini o`z davrida dunyo fanining oldingi safiga  olib chiqqan buyuk olimlaridan biridir.

         Mirzo Ulug`bekdan jahon fani va madaniyati rivojiga muhim hissa bo`lib qo`shilgan ilmiy va madaniy meros qolgan. Shulardan biri «Ziji jadidi Kuragoniy» deb nomlangan astronomik jadval hisoblanadi.

            Ulug`bek tibbiyot va musiqa bilan qiziqqan, she’rlar ham yozgan. Alisher Navoyining «Majolis un-nafois» va Abu Toxirxojaning «Samariya» asarlarida uning she’rlaridan namunalar keltiriladi. Uning davrida ko`pgina asarlar arab va fors tilidan eski o`zbek tiliga tarjima qilingan.

Ulug`bek tashkil etgan boy kutubxonada turli fanlarga oid 15000 dan ortiq ko`p tomli kitoblar bo`lgan.

             Ulug`bek yunon olimlaridan Aflotun, Aratsu, Gipparx, Ptolemeylarning klassik asarlari bilan tanish bo`lgan va o`z vatandoshlari Ahmad Farg`oniy, Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy kabi  olimlarning asarlarini yaxshi o`rgangan. Samarqanddagi Ulug`bek madrasasi  faqat oliy uquv yurtigina emas, rasadxona bilan birga olganda o`sha davrning akademiyasi ham edi. Ulug`bekning ustozi zamonasining mashhur olimi, matematik va astronom qozizoda Rumiy madrasa muallimlaridan biri bo`lgan.

            Ulug`bekning o`zi ham astronomiyadan dars bergan, Qiyosiddin Jamshid Koshiy, Muyniddin, Mansur Koshiy, Muhammad Birjoniy Ulug`bek maktabining taniqli astronomlari edilar. Ulug`bek olib borgan ilmiy ishlarida unga yaqindan yordam bergan shogirdlaridan biri Ali qushchidir.

          Samarqanddagi  me’morchilikning nodir namunalaridan biri Ulug`bek rasadxonasidir. Bu inshoot Ulug`bek farmoyishi bilan 1428-29 yillarda Kuhak (Cho`ponota) tepaligida Obirahmat arig`i buyida bunyod etilgan. Rasadxona silindr shaklida uch qavatli, balandligi 30,4 metrdan iborat ulkan bino bo`lgan. Rasadxona o`rta asrlarda asbob-uskunasi jihatidan ham beqiyos bo`lgan. Sharq astronomiyasida muhim ahamiyatga ega bo`lgan «Ziji jadidi Kuragoniy» asari ham shu yerda yaratilgan.

         Boburning yozishicha, Ulug`bek rasadxonasining sirti qoshin va chiroyli bezaklar bilan bezatilgan.  Uning katta zallari va katta-kichik xonalari bo`lgan rasadxona ichiga o`rnatilgan katta asbob yordamida quyosh, oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan o`rganilgan va kuzatilgan. Rasadxonada kutubxona ham bo`lgan, ichki devorda osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, tog`-dengiz va mamlakatlar, shuningdek Yer shari tasviri ham ishlangan.

Mirzo Uluqbekning «Ziji jadidi Kuragoniy»  asari

        Samarqand munajjimlari va ularning g`amxo`r, mohir yetakchisi bo`lgan Mirzo Ulug`bek falakiyot fanining taraqqiyotga salmoqli qissa qo`shdi.

Uning «Ziji jadidi Kuragoniy» asari astronomiya ilmi tarixida  alohida o`rin tutadi va u o`rta asr falakiyot fanining durdonasi hisoblanadi.

        «Ziji jadidi Kuragoniy» avvalambor Mirzo Ulug`bek bosh qosh bo`lgan Samarqand rasadxonasining ko`p yillik mehnati samarasi Sharq klassik astronomiyasining nazariy va amaliy masalalarini o`zida mujassamlashtirgan, uni yangi dalilu-isbotlar bilan boyitgan shoh asardir.

       «Ziji jadidi Kuragoniy» asosan ikki qismdan: katta muqaddima va 1018 ta  yulduzlarning o`rni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat.

        Muqaddimaning o`zi to`rtta mustaqil qismga bo`lingan. Ular:

        Birinchi qismi yetti bobdan iborat. «Tarix, ya’ni xronologiyaning ma’rifati» deb nomlanadi.  Astronomiyaning muhim poydevorlaridan hisoblangansanayoki yil hisobi, boshqacha so`z bilan aytganda yunonlar, arablar, eronliklar hamda uyqurlar qabul qilgan yil hisoblash usullari, ularning milliy bayramlari, shuningdek bu sanalarni kelib chiqishi masalalari bayon etiladi.

        Ikkinchi qismi «Vaqtlar va unga taalluqli narsalar» deb nomlangan. Bu qism 22 bobdan iborat. Osmon burjlarining oqishi, yulduzlarning chiqishi va botish joylari, nisfan-nahor soatining rasad o`rni bo`lmish Samarqand kengligi nisbati; Shusha, Kayravon, Urmiya, Naxichevvon, Bulg`or, Madonin, Bag`dod, Basra, Kozerun, Itsahr, Qamadon, Ray, Doigon, Badqiz, Saraxs, Marv, Balx, Buxoro, O`sh, Qashqar, Chin, Beshbaliq, Qoraqurum, Samarqand, Tabriz, Usrushona, Xo`jand, Axsikat, Shosh, Tibat, Kashmir kabi shaharlarning (hammasi bo`lib 638 ta joy) kordinatalari, yetti iqlim va uning ma’rifati singari masalalar haqida gap ketadi.

        Uchinchi qismi 13 bobni o`z ichiga oladi va «Yulduzlarning ravshanligi va o`rni» deb ataladi. Unda Yulduz va sayyoralarning quyosh atrofidagi harakati zo`r bilim va mahorat bilan sharqlanadi.

         To`rtinchi qismi «Yulduzlarning doimiy harakati» deb nomlanadi. Bu qismda astrologiya masalalariga, ya’ni yulduzlarning holati va harakatiga qarab taqdirni belgilash masalalari haqida to`xtalgan. Undan tashqari kishi taqdirini oldindan belgilash uchun qanday qilib qur’a (goroskop) tuzish yo`llari qam ko`rsatib berilgan.

        Ulug`bekningsanava sayyoralarning yillik harakatlari haqidagi hisoblari ham hozirgi hisob-kitoblarga juda yaqindir.

        Ulug`bekning ilmiy merosini ingliz Sharqshunosi T.Xayd, fransuz astronomlari J.Delambr (1749-1822), L. Sediyo, nemis astronomi K.Petres keyinchalik, Brokkelman va boshqa yevropalik olimlar atroflicha o`rgandilar, Zijini esa turli tillarda  va Ovropada, Amerika qit’alarining turli shaharlarida  chop ettirdilar. Turkiya, Eron, Afg`oniston. Hindiston va Ovropa mamlakatlarining olimlari Ulug`bekning tadqiqot usullaridan foydalandilar, uning rasadxonasiga o`xshatib rasadxonalar qurdilar.

Ulug`bek yashagan davr, uning ilmiy va madaniy merosini rus olimlaridan  V.V.Bartold o`rgandi. Arxeolog V.L.Vetkin 1908 yili Ulug`bek rasadxonasi xarobalarini topdi. 1996 yilda A.Ahmedov tomonidan o`zbek, rus va ingliz tillarida «Ziji jadidi Kuragoniy» asari tarjima qilinib, Amir Temur yubileyining 660-yilligi munosabati bilan Fransiyada katta olqishlarga sazovor bo`ldi.

       Bundan tashqari Ulug`bekning hayoti va faoliyati haqida p’esa, (M.Shayxzoda «Mirzo Ulug`bek»); roman (O.Yoqubov «Ulug`bek xazinasi») va boshqalar yaratilgan. Ulug`bek hayoti va faoliyati haqida  muhim ma’lumotlar Bo`riboy Ahmedovning asarlarida  berilgan. Tarixchi tomonidan 1994 yilda nashr etilgan «Mirzo Ulug`bek» asari bu borada  muhim ahamiyatga ega.

Mirzo Uluqbek qaqida buyuk allomalarning fikrlari

      Yirik tarixchi olim va davlat arbobi Abdurazzoq Samarqandiy Ulug`bekni geometriya ilmida ham tengi yo`q olim deb quyidagicha ta’riflaydi:

                   Chun Ulug`bek mirzo dar ilmi qandasa,

                   Natavon yoft dar hazoron madrasa.

(geometriya ilmida Ulug`bek mirzodek kishini minglarcha madrasalardan ham izlab topib bo`lmaydi)

     Ulug` Alisher Navoiy esa o`zining «Farxod va Shirin» asarida uni osmon sirlarini ochgan va uni kishilar ko`ziga oynadek ravshan qilib qo`ygan astronom olim sifatida ta’riflaydi:

                    Temurxon naslidan sulton Ulug`bek,

                    Ki olam ko`rmadi sulton oningdek,

                    Oning abnoi jinsi bo`ldi barbod.

                    Ki davr aqli biridan aylamas yod.

                    Valek ul ilm sori topti chun do`st,

                    Ko`zi oldinda bo`ldi osmon past.

                    Rasadkim bog`lamish zebi jahondur,

                    Jahon ichra yana bir osmondur.

                    Bilib bu nav’ ilmi osmoniy,

                    Ki ondin yozdi «Zichi ko`ragoniy»

                    qiyomatga deganda aqli ayyom.

                    Yozarlar oning ahkomidin ahkom.

Zahiriddin Muhammad Bobur Temur zamonida olib borilgan zo`r qurilish ishlari Ulug`bek hukmronlik qilgan davrda ham keng ko`lamda davom ettirilganidan va ko`pdan ko`p obidalar  ayniqsa Samarqandning qoq  markazida joylashgan Registon maydonida qator binolar haqida mana bularni yozgan:

     «Ulug`bek mirzoning  imoratlaridin Samarqand qa’asining ichida madrasa va xonaqoqdir. Xonaqoqning gumbazi bisyor ulug` gunbazdur, olamda oncha ulug` gunbaz yo`q deb nishon berurlar… Yanabu madrasaning janubida bir masjid solibtur, masjidi muqatt’ derlar. Bu jihatni muqatta’ derlarkim, qit’a-qit’a yog`ochlarini tarosh qilib, islimiy va xitoyi naqshlar solibtur, tamom devorlari va saqfi ushbu yo`sunluqtur. Bu masjidning qiblasi birla bisyor tafovuttur. Qolibo bu masjid qiblasining samti munajjim tarixi bila amal qilibturlar»

Bilimdonlar bellashuvi

Bilimdonlar bellashuvini o`tkazishdan ko`zlangan maqsad — Mirzo Ulug`bekning hayoti va ijodini yanada ko`proq o`rganish, targ`ib qilish hamda kitobxonlar dunyoqarashini  boyitishdan iborat.

Bellashuv o`tkazishdan oldin har biri 8-10 kishidan iborat bo`lgan 2 ta bilimdonlar guruhi tuziladi. Ularga maktab, litsey, kollej o`quvchilari bo`lgan kitobxonlar kiritilishi mumkin.

Bellashuv tashkilotchilari savollarni tuzib ikki guruhga mo`ljallab qo`yadi. Berilayotgan savollarga doir adabiyotlar tayyor turishi kerak.

Bellashuvga tayyorlanish jarayonida qatnashuvchilar o`sha manbalarni puxta o`qib chiqishlari zarur.

Bilimdonlarning e’tiborini muallifning tanlangan asarlariga hamda alohida nashrlariga, asarlarining tarjimalariga va u haqidagi ilmiy va badiiy asarlarga qaratish kerak. Bellashuv o`tkaziladigan kutubxona, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida Mirzo Ulug`bek Tarag`ayning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi kitob ko`rgazmasini tashkil etishni tavsiya qilamiz.

Quyida bellashuvga qo`yiladigan savollardan namunalar keltiramiz. Shunga qarab bilimdonlar qaysi asarlardan va manbalardan foydalanishlari kerakligini bilib oladilar.

Bellashuv yakunini hakamlar ma’lum ball qo`yish bilan yakunlaydilar. Bunda javoblarning to`g`riligi, aniq va lo`nda javob berishi ham e’tiborga olinadi.

1. Mirzo Ulug`bekning  to`liq  ismini aytib bering?

( Shoxruh o`g`li Muhammad Torag`ay ).

2. Mirzo Ulug`bek qachon va qaerda tug`ilgan?

( 1394 yil 22martda Sultoniya shahrida tug`ilgan).

3. Mirzo Ulug`bekning ota-bobolari kimlar?

( Ulug`bek Sohibqiron Amir Temurning nabirasi, Shoxruhning to`ng`ich o`g`li)

4. Ulug`bek Mirzoning onasi kim?

( Gavxarshod, nufuzli qipchoq amirlaridan Qiyosiddin tarxonning qizi)

5. Mirzo Ulug`bekni dastlab  kim tarbiya qilgan?

( Ulug`bekni  Amir Temurning katta xotini Saroymulkxonim tarbiyalagan).

6. Ulug`bekni bolaligidan falakkiyot ilmiga qiziqtirgan murabbiylari kim?

( Tajribali astronomiya ilmining bilimdoni Maxmud qozizoda Rumiy va shayx Orif Ozariy).

 7. Uning falakkiyot ilmi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo`shgan asarining nomi nima?

( «Ziji jadidi Ko`ragoniy»).

8. «Ziji jadidi Ko`ragoniy» necha qisimdan iborat?

(Asosan ikki qismdan iborat: katta muqaddimaning  o`zi to`rt qismga bo`lingan).

9. «Ziji jadidi Ko`ragoniy» Muqaddimasining qismlarini nomini aytib bering?

 1.  «Tarix, ya’ni xronologiyaning ma’rifati»

 2. «Vaqtlar va unga taalluqli narsalar»

 3. » Yulduzlarning ravshanligi va o`rni»

  4. » Yulduzlarning doimiy xarakati»).

10. Ulug`bek hukmronlik qilgan yillar?

(1409-1449)

11. Amir Temur nabirasi Ulug`bekka kimni xotinlikka olib beradi va sovg`a tariqasida nima hadya etadi?

( Muhammad Sultonning qizi O`ga begimni olib beradi va sovg`a tariqasidaToshkent, Sayram, Ashpara va butun Mo`g`ilistonni hadya qiladi)

12 Mirzo Ulug`bek Samarqandga nechanchi yili xukmdor bo`ladi?

(1409)

13. Mirzo Ulug`bekning xarbiy yurishlari uzoq davom etganmi yoki qisqa?

(Ulug`bek bobosi singari xarbiy yurishlar qilmagan, uning xarbiy yurishlari qisqa muddatli bo`lgan)

14. Xukmdor Ulug`bek necha yil umuman xarbiy yurishlardan voz kechgan?

(20 yil)

15. Mamlakat obodonchiligi yo`lida Ulug`bek nimalar qilgan?

(U xukmronlik qilgan yillar mamlakat yanada gullab yashnadi. Xunarmandchilik, me’morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi).

    16. Mirzo Ulug`bek bobosining qaysi qurilishi bitmay qolgan binolarini bitkazdi?

( Go`ri Amir maqbarasi, Shohi zinda mozori va Shaxrisabzdagi Kuk gumbaz masjidi shular jumlasidandir).

17. Ulug`bek rasadxonasi qachon va qaerda  qurilgan?

( Bu inshoat 1428-1429 yillarda Kuxak tepaligida Obiraxmat arig`i bo`yida bunyod etilgan)

18. Ulug`bek rasadxonasida faoliyat ko`rsatgan olimlardan kimlarni bilasiz?

( Qiyosiddin Jamshid Koshiy, Muyniddin, Mansur Koshiy, Muhammad Birjoniy Ulug`bek maktabining taniqli astronomlari edilar).

19. Mirzo Ulug`bekning eng iqtidorli shogirdi kim?

(Ali qushchi)

20. Mirzo Ulug`bekning qaysi so`zlari Buxorodagi madrasaning peshtoqiga yozilgan edi?

(«Ilmga intilish har bir musilmon erkak va musilmon ayolining burchidir» degan so`zlari)

21. Ulug`bekning o`g`li Abdulatif kimlarning maslaxatiga kirib otasiga fitna uyushtirgan?

( Reaksion ruxoniylar)

22. Mirzo Ulug`bek qachon  va qaerda  vafot etgan?

(1949yil, Samarqand yaqinida)

23. Ulug`bekning hayoti va faoliyati haqida kimlarning asarlarini bilasiz?

( M. Shayxzodaning «Mirzo Ulug`bek», O. Yoqubovning «Ulug`bek xazinasi» p’esalari, Xayoti va faoliyati haqida tarixchi olim B. Axmedovning «Ulug`bek» asarlari)

SAYTIMGA XUSH KELIBSIZ !