IMOM MOTURUDIY

Mutafakkirlar. Abu Mansur Moturidiy (870–945)

Abu Mansur Moturidiy sunniy e’tiqodidagi ikki yirik ta’limotlardan biri bo‘lmish moturidiya ta’limotining asoschilaridan hisoblanadi. Uning to‘liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir. Buyuk kalom imomi va fiqh olimi asli Samarqandning Moturid qishlog‘idan bo‘lib, uning taxallusi shu qishloqqa nisbatan olingandir. Abu Mansur Moturidiy dastlabki ta’limni shu qishloqda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda davom ettiradi.

Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to‘g‘ri keladi. Samarqand dastlab bu davlatning poytaxti bo‘lib, so‘ngra IX asrning oxiridan boshlab poytaxt Buxoroga ko‘chirildi. Biroq o‘sha vaqtda ham Samarqand Buxoro bilan bir qatorda Movarounnahrning iqtisodiymadaniy markazi bo‘lib qolaverdi.

Abu Mansur Moturidiy 870 yilda tug‘ilgan, Samarqandda 945 yilda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza degan qabristonga dafn etilgan.

Ba’zi manbalarda uning Samarqanddagi “Iyoziy” madrasasida ta’lim olgani qayd etilgan. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyoziy, Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn YAhyo Balxiy, Muhammad ibn Fazl kabilarni o‘zining ustozi deb bilgan.

Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib o‘z bilimini oshiradi. Shu vaqt davomida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar qilgan. Butun umri davomida quyidagi asarlar yozib qoldirgan:

“Kitoab at-Tavhid” (“Allohni yagona deb bilish haqidagi kitob”), “Kitob alMaqomat”, “Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob”, “Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni”, “Qur’on ta’vili kitobi”.

Abu Mansur al-Moturidiyning “Shariat asoslari”, “Kitob al-jadal”, “Dialektika haqida kitob” kabi asarlari ham bo‘lgan. Bulardan tashqari Moturidiyning islom huquqshunosligiga oid “Usul kitobi” asari ham ma’lum.

Moturidiyning yana bir asari “Ta’vilot ahli sunna” yoki boshqa bir nomi “Ta’vilot al-Qur’on” deb nomlanadi. Moturidiy bu asarda sunniy aqidaga (ta’vilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Imom Abu Hanifaning qarashlariga suyangan xolda ish ko‘radi. Bu asar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi.

Moturidiyning mazkur asari tarix jarayonida ko‘p allomalar asarlariga asos solgan, ular ijodiga turtki bo‘lgan.

Shulardan biri Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning sharhidir. U “Sharh ta’vilot ahli as-sunna” deb nomlangan.

Shu bilan birga, Moturidiy nomi ostida yozilgan bir necha soxta asarlar ham ma’lumdir. Masalan: “Favoid” (qoidalar), boshqa nomi “Pandnoma”, “Kitob al-Usul”, “Sharh al-Fiqh al-Akbar” asarlari shular jumlasidandir. Bu Moturidiyning diniy ilmlar namoyandalari orasida qanchalik mashhur bo‘lganligidan dalolat beradi.  Moturidiy ko‘p shogirdlar yetishtirdi, ular orasida islom olamiga mashhur allomalar Abul Hasan Rustug‘faniy, Ishoq ibn Muhammad Samarqandiy va Abdul Karim Pazdaviy, Abu Ahmad Iyoziy kabi olimlar bor edi. Shogirdlari o‘z ustozlarining ta’limotini davom ettirishgani natijasida moturidiya ta’limoti vujudga kelgan.

Abu Mansur Moturidiy umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar olib borgan. U islom dinining hanafiy mazhabini Movarounnahrda tarqatish va o‘zidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishiga muhim hissa qo‘shdi.

Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi.

Moturidiyni ulug‘lab “Imom al-huda” va “Imom al-mutakallimin”, “Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi” kabi nomlar bilan ham ataganlar.

Moturidiy, Abu Mansur al-Moturidiy (toʻliq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy) (870 — Samarqand — 944) — imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi. «Imom al-hudo», «Imom al-mutakallimin» («Hidoyat yoʻli imomi», «Mutakallimlar imomi») nomlari bilan ulugʻlangan. Moturid qishlogʻi (hozirgi Jomboy tumani)da tavallud topib, to umrining oxirigacha shu yerda yashagan, bu yerda katta bogʻ ham barpo etgan. Moturidiy Samarqanddagi al-Ayoziy madrasasida oʻqidi, mahalliy hanafiy faqihlardan taʼlim oldi, Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn al-Husayn al-Iyodiy, Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy unga ustozlik qilishdi. Keyin oʻzi fiqh va kalom ilmlaridan dars berdi. Abu Ahmad al-Iyodiy, Abul Hasan Ali ibn Sayyid ar-Rustugʻfaniy, Abu Bakr as-Samarqandiy, Makhul an-Nasafiy, Abul Mu’in an-Nasafiy, Abulyusr al-Pazdaviy kabi shogirdlar yetishtirdi. Vasiyatiga koʻra, Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etildi.

Moturidiyning asosiy asarlari «Kitob at-tavhid» («Yakkaxudolik haqidagi kitob»), «Taʼvilat ahl as-sunna» («Sunniylik anʼanalari sharhi»)dir. «Kitob at-Tavhid» bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotshunosligining birinchi asari hisoblanadi. Kitobning kalom ilmi taʼrifi berilgan muqaddimasida bilimning 3 manbai: hissiy (sezgi) aʼzolari vositasida, naql — rivoyatlar vositasida va aql-idrok vositasida axborotlar olish mumkinligi haqida gapiriladi. Moturidiy sof din doirasidan chiqmagan holda aql-idrokni ulugʻlaydi va mantiqan asoslangan bilimning ahamiyatini taʼkidlaydi. Kitobda oʻsha davrdagi adashgan firqalar qarashlarining haqiqatdan yiroq ekanligi taxlil etilgan. Moturidiy «Din yoʻlidagi barcha adashuvlarning sababi — riyokor kimsalarga koʻr-koʻrona ergashishdadir», deb taʼkidlagan edi.

Moturidiy ilohiyotchi olim sifatida muhim aqidaviy masalalar — juzʼiy ixtiyor, eʼtiqod, oxirat hayoti kabilarni qamrab oluvchi risolalar bitdi. «Maʼ-xaz ash Shariʼa» («Shariat asoslari sarasi»), «Kitob al-usul» («Diniy taʼlimot asoslari kitobi»), «Kitob al-jadal» («Dialektika haqidagi kitob») kabi asarlari shular jumlasidandir. Moturidiy Abu Hanifa qarashlarini tushuntirib berib, uni rivojlantirdi. Abul Hasan al-Ashʼariy (873—935) ishlab chiqqan Islom aqidasi asoslarini takomillashtirib, uni sunniylik eʼtiqodiga kirib qolgan notoʻgʻri, gʻayri sahih aqidalardan tozaladi. Moturidiy qarashlari oʻz davrida mintaqaning madaniy va ilmiy ravnaqita sabab boʻlgan. Chunki Moturidiy din asoslarini mantiqan tushuntirgan, tanlov huquqi va ijtimoiy hamjihatlikni qaror topdirish gʻoyalarini rivojlantirgan. Moturidiy jami 15 ga yaqin asar taklif etgan. Uning kalomga oid 7 ta va fiqhga oid 2 ta asari boʻlib, ular saqlanib qolmagan. Moturidiyning bizgacha yetib kelgan asarlari qisman tadqiq qilingan. Uning Qurʼon tafsiriga bagʻishlangan «Taʼvilot al-Qurʼon» asari va uning uzviy davomi hisoblanmish «Irshad al-mubtadiyin fiy tajvidi Kalami Robbil ‘alamin» («Qurʼon oʻqishga kirishganlar uchun qoʻllanma») kitobi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Mamlakatimizda Moturidiy merosini oʻrganishga faqat mustaqillikdan keyingina kirishildi. OʻzR Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2000 yilda Moturidiy tavalludining 1130 yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlandi. Prezident I. Karimov tashabbusi bilan Samarqandda alloma xotirasiga yodgorlik majmui bunyod etildi (qarang Moturidiy yodgorlik majmui). Toshkent va Samarqandda Moturidiy taʼlimoti va uning islom olamida tutgan mavqeiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazildi. Moturidiy hayotining turli qirralarini yorituvchi maqolalar, risolalar va tadqiqotlar chop etildi. Moturidiy merosini oʻrgangan xorijlik olimlar bilan samarali hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. 2001 yilda Gyottin-gen (GFR) untining prof. Ulrix Rudolf qalamiga mansub «Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti» kitobi oʻzbek tilida nashr etildi.

2002 yilda mazkur kitobning keng ommaga, jumladan, oliy oʻquv yurtlarining talabalari va oʻrta maktablarning yuqori sinf oʻquvchilariga moʻljallangan nashri amalga oshirildi. Endilikda xalqimiz Moturidiy merosi bilan oʻz ona tilida tanishish imkoniga ega boʻldi.

SAYTIMGA XUSH KELIBSIZ !