HOJA AHMAD YASSAVIY

AHMAD YASSAVIY

        5-sinfda Ahmad Yassaviyning hayoti va ijodini o‘rganish jarayonida  hikmatlarining hozirgi kunda ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaganligi, undagi ko‘tarilgan masalalar shu kunda ham dolzarbligini ko‘rsatish nazarda tutiladi. Bu darsni «O‘tmishga sayohat» deb nomlab, o‘yin tarzida tashkillash mumkin. Bunda  parvozning bort kuzatuvchisi o‘qituvchi bo‘lib, o‘quvchilarni turli bilim orollaridan olib o‘tishi kerak. Maqsad o‘quvchilarni faolligini oshirish, og‘zaki nutqini o‘stirish, har tomonlama kamol toptirish, go‘zal ahloq-odob egasi bo‘lishga undash va adabiy, ma’naviy merosga bo‘lgan hurmatlarini oshirishdir.

   Darsning shiori qilib quyidagilarni tanlash mumkin:

1. «Nafs ila  dunyoga dil bergan  fosiqlar siz bu kun

 Yassaviy xok poyidin aylab oling tummorlar» (Abdulla Oripov).

2. «Hamisha yaxshilig‘  qilg‘il, ketarsan ushbu dunyodin,

Qiyomat obi ro‘yiga kerak xunu jigar qilsang.

Xoja Ahmad ma’siyat  birla hayoting qilmag‘il zoe,

Bo‘lursen  loyiqi  hazrat, agar toat sahar qilsang»          

                                        (Yassaviy).

  • «Qarchig‘ayni  qushlagan, shunqor lochin ushlagan,

Sonsiz murid boshlagan, shayxim Ahmad Yassaviy»

                                         (Sulaymon Boqirg‘oniy).

        O‘qituvchi shiorlarni sharhlaydi: Xalq shoiri Abdulla Oripov fosiqlarga, ya’ni bu dunyoni mol–dunyo yig‘ishdan iborat deb bilgan, nafsi buzuq kimsalarga Yassaviy hikmatlaridan o‘qib o‘zlariga xulosa chiqarsinlar, — deydi. Ahmad Yassaviy hikmatlarida dunyoning o‘tkinchiligini ta’kidlaydi. Zotan, dunyo odamlar bir qo‘nib, yana ketadigan joy, umr yugurik bir narsa, elday o‘tadi ketadi. Bas, shunday ekan, taqdirning ayovsizligi oldida mol-dunyoga inonmoq nodonlik va g‘ofillikdir. O‘limni anglashdan esa  hayotni ma’rifat bilan qadrlash, odam farzandini g‘animat bilish, manmanlik va jaholat «tulpor»lariga minib hovliqmaslik  degan ma’no anglashiladi. Sulaymon Boqirg‘oniy o‘z baytida Ahmad Yassaviyning muridlari, ya’ni shogirdlari ko‘pligini ta’kidlaydi. Haqiqatda Ahmad Yassaviy Zangi ota, Ismoil ota, Cho‘pon ota, Xalil ota, Xoja Bahoudddin, Sulaymon Boqirg‘oniy va boshqalarni tarbiyalagan.

        1993-yil — Yassaviy yili, deb e’lon qilingan edi. Bugungi kunda Yassaviy maqbarasi aziz qadamjolardan biri bo‘lib qolgan. Xalq u yerga borib, ulug‘ bobomiz qabrini ziyorat qilib, ruhlaridan madad so‘raydi.

    So‘ngra o‘qituvchi darsga taalluqli izohtalab quyidagi so‘zlarni ilova qilishi mumkin:

Tolib – talab qiluvchi, izlovchi.

Mahshar – qiyomat, to‘planadigan joy.

Ashk – ko‘z yoshi.

Afg‘on – fig‘on bilan nola qilish.     

Murshidi komil – yetuk pir. 

So‘fi – tasavvuf yo‘liga kirgan kishi.

So‘finaqsh – tashqi ko‘rinishi so‘figa o‘xshash.

     Magnitafondan quyidagi hikmat qiroat bilan o‘qiladi. O‘qituvchi hikmatni sharhlab beradi:

Ey ko‘ngul, qilding gunoh, hargiz pushaymon bo‘lmading,

So‘fimen deb lof urib, tolib jonon bo‘lmading.

Hayfkim o‘tti umring bir lahza giryon bo‘lmading,

So‘finaqsh bo‘lding vale hargiz musulmon bo‘lmading.

    O‘zgalarning yolg‘onchiligidan so‘z ochish oson, biroq o‘zingdagi qalloblik, riyo pardalarini yirtish esa matonat hisoblanadi.

   IX asrda tasavvufda malomatiyya mazhabi yuzaga kelgan. Bu mazhabga kirgan kishilar o‘z-o‘zini komillashtirishni, yurakni poklashni bosh vazifa hisoblashgan. Bu ishni ular yashirin bajarishlari shart bo‘lgan. Malomatiyya — bu insonni o‘z-o‘zini tahlildan o‘tkazish, nuqsonlari uchun o‘zini ayamasligi, ya’ni malomat tilida fosh qilish yo‘li bo‘lgan. O‘tmishga sayohat qilar ekanmiz, bobomiz Alisher Navoiy hazratlari ham Ahmad Yassaviy haqida shunday deganlar: «Xoja Ahmad Yassaviy – Turkiston mulkining shayxul-mashoyixidir. Maqomati oliy va mashhur, karomati matavoliy (hayratlanarli) va nomahsur (chegarasiz) ermish».

        Birinchi orol: Bilimdonlar  oroli. Bu orolda sayohatchilarga zakovat savollari berilib, ularning bilimlari sinaladi.

  1. Ahmad Yassaviy qayerda tug‘ilgan?    (Sayramda)
  2. U dastlab kimdan tahsil oladi? (Yassaning yirik shayxi  Arslonbobdan)
  3. Uning keyingi ustozi kim?  (Buxorolik Yusuf Hamadoniy)   
  4. Yassaviy qanday shoir bo‘lgan?   (So‘fiy shoir bo‘lgan).
  5. So‘fiyona she’rlar nimani targ‘ib qiladi?  (Ollohni, borliqni, insonni)
  6. Uning she’rlari qanday nom bilan bizgacha etib kelgan?

(Hikmatlar, yaxlit holda «Devoni hikmat» nomi  bilan)

  • Tasavvuf  nima deb yuritiladi? (So‘fiylik ,deb)
  • So‘fiylik ruhida yozilgan adabiyot, she’rlar qanday nomlanadi? (Tasavvufiy adabiyot, tasavvuf she’riyati)
  • So‘fiylik qanday yuzaga keldi?  (Hukmdorlarning kishilarga nisbatan ortiqcha zulmining kuchayishidan yuzaga keldi)
  • Uning qanday bosqichlarini bilasiz? (Shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat)
  • So‘fiylikning asosiy maqsadi  nima?

  (Diniy poklik orqali butun jamiyatni poklash g‘oyasi)

  1. «Devoni hikmat» da qanday g‘oyalar  ilgari surilgan?

         (Zolimlar va haqsizlar, adolat va haqiqat, donolik va  

         nodonlik g‘oyalari ilgari surilgan)

  1. Ollohning jamoliga haqiqatda kimlar yetishadi? (Faqat ruhi pok, iymonli insonlar etishadi)
  2. Ahmad Yassaviy qanday kishilarni yoqtirmaydi? (Nodon, kaltabin kishilarni xush ko‘rmaydi)
  3. Nodonlikning muhim belgilarini ayting. (Mol-dunyoga, mansabga, hirs-havoga mehr qo‘yish)
  4. Uning hikmatlari kim orqali  insonlarga murojaat qiladi?  (She’rxon orqali barchaga)
  5. «Devoni hikmat» ning diqqatga sazovorligi nimada? (Uning xalq tiliga yaqinligida, soddaligi va yoqimligida)
  6. Yassaviy hikmatlari qanday shaklda yozilgan?   (To‘rtlik)
  7. Yassaviyning vafoti qaysi yillarga to‘g‘ri keladi? (1166-1167 yillarga to‘g‘ri keladi).
  8. 1395 – 1397-yillarda Ahmad Yassaviy dafn etilgan joyga kim maqbara  qurdiradi?  (Amir Temur)

       Ikkinchi orol: Zukkolar oroli deb nomlanadi. Bunda sayohatchilar nomlar bilan bog‘liq bo‘lgan savollarga javob topishadi.

  1. Otasining nomi?  —  Shayx Ibrohim Yassi
  2. Onasining ismi?  —  Qorasoch momo
  3. Akasi — Latif ota.
  4. Ukasi — Mustafoquli ota.
  5. Buxorolik ustozi – Yusuf Hamadoniy
  6. Yassalik yirik shayx – Arslonbob ota.
  7. Payg‘ambarning nomi – Muhammad alayhi vassalam
  8. Yassaviyga maqbara qurdirgan sarkarda – Amir Temur
  9. Yassaviyning ikkinchi nomi – Hoja Ahmad
  10. Yassining hozirgi nomi – Turkiston.

       Uchinchi orol: Ijodkorlar oroli bo‘lib, boshlangan hikmatni davom ettirishlari kerak. Buning uchun o‘quvchilar hikmatlarni yod olgan bo‘lishlari yoki esga olishlari zarur bo‘ladi.

  1. Egri  yo‘lga – bo‘yin to‘lg‘or
  2. Bemor bo‘lsa – nodonlarni holin so‘rmayman.
  3. Haq taolo rofiq bo‘lsa – birdam turmay
  4. Nafsing seni oxir damda – gado  qilg‘ay.
  5. Oqil  ersang, nafsi boddin – bo‘lg‘il bezor.
  6. Dunyodorlar molni ko‘rub – havo qilur.
  7. Manmanlikni ul da’voyi – xudo qilur
  8. Nodon bilan ulfat bo‘lsang – bag‘ring kuyur  kabi…

       To‘rtinchi orol: Sharhlovchilar oroli. Bu orolda o‘quv-chilar hikmatlarning mazmunini so‘zlab beradilar. Tasavvuf bos-qichlaridan ma’rifat bosqichi haqida fikr yuritadilar:

1    Inson ma’rifat orqali ruhiy poklikka erishadi.

2.   Har bir odam dunyoga kelar ekan, u albatta ilm orqali aqliy faoliyatini o‘stirishi kerak.

3.  Kishi savodxon bo‘lgandagina oqni – qoradan, yaxshini – yomondan ajrata oladi.

  • Ma’rifatli odam gunoh ishlarga qul urmaydi.
  • Vijdonli kishi nafsiga erk bermaydi, boylikka qiziqib u dunyoni unutmaydi.

6.   Ahmad Yassaviy ham o‘z zamondoshlarini ilmli, farosatli, kamtar, diyonatli bo‘lishlarini istagan.

   Beshinchi orol: Donishmandlar oroli. Magnitafondan quyidagi hadisni tinglab, sayohatchilarga ilm haqidagi bilgan  maqollarini eslash va ularning mohiyatini ochish topshiriladi:

   «Ilm egallang! Ilm sahroda – do‘st, hayot yo‘llarida – tayanch, yolg‘izlik damlarida – yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda — rahbar, qayg‘uli onlarda – madadkor, odamlar orasida – zebu ziynat, dushmanlarga qarshi quroldir».

      Ilmni mehnatsiz egallab bo‘lmas. Olim bo‘lsang, olam seniki. Bilim – davlatdan qimmat. Ilm – aql chirog‘i. Bilimli kishi o‘zar,  Bilimsiz kishi to‘zar  kabi.

    Dars yakunida xulosa qilish mumkinki, mustaqillik tufayli biz  Ahmad Yassaviy, Naqshbandiy, Imom Ismoil Al-Buxoriy,       At-Termiziy, Amiriy kabi ulkan siymolar ijodini, ma’naviy merosini o‘z mohiyatiga ko‘ra o‘qish va o‘rganish baxtiga muyassar bo‘ldik. «O‘tmishga sayohat» qilib, bilim orollaridan  shuni bildikki, Ahmad Yassaviy etuk olim darajasiga etgach, u O‘tror yaqinidagi Yassi shahriga kelib, haqiqatni, islomni, insofu diyonatni keng targ‘ib qilgan. Xoja Ahmadga ajoyib nodir iste’dod, ilohiy bir quvvat nasib etilgan ediki, bunday odamni hamma o‘ziga ustoz hamda pir qilib olar, uning suhbati va karomatidan bahramand bo‘lishga shoshilar edi. Shuning uchun ham shoir ijodining qadr-qimmati hanuzgacha o‘z kuchini  yo‘qotgani yo‘q. Bugungi kunning talabi bilan bir xildek, ya’ni ilm olish, o‘rganish, atrofdagilarga foydasi tegadigan inson bo‘lish haqida qayg‘uradi. O‘zbek adabiyotida Vatan haqidagi falsafiy fikrlar Ahmad Yassaviy hikmatlaridan boshlanadi:

  Boshim tufroq, o‘zim tufroq, jismim  tufroq,

  Haq vasliga etarman deb ruhim mushtoq.    

Yoki: 

  Tufroq bo‘lg‘il, olam seni  bosib o‘tsin – deydi.

  Tuproq – Vatan. Tuproq necha yuz ming yillardan buyon ne-ne ulug‘ farzandlarini quchog‘iga bosib kelayotgan mushfiq Zamin. Shuning uchun biz uni e’zozlaymiz. Tuproq – rizq ro‘zimiz manbai. Shuning uchun biz uni ona-tuproq deymiz.

   Uyga vazifa qilib hikmatlarni nasrga aylantirish, keltirilgan maqollardan birini sarlavha sifatida tanlab kichik matn yaratish beriladi.  She’rlarni ifodali o‘qish uchun magnit tasmasiga yozib o‘qish va uni tekshirish tavsiya qilinadi.

SAYTIMGA XUSH KELIBSIZ !