ALI QUSHCHI

Ali Qushchiga Ulug’bek «farzandi arjumand» sifatida ishonch bildirgan. XV asrda Samarqandda dono va ma’rifatparvar hokim sifatida shuhrat qozongan Ulug’bek saroyidagi olimlar ichida Ali Qushchi alohida o’rin tutadi. «O’z davrining Batlimusi» deb tanilgan Ali Qushchining to’liq ismi Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi bo’lib, u Samarqandda tug’ilib o’sgan.   Таржимаи ҳол XV asrda ilmiy faoliyat ko’rsatgan matematik va astronomlardandir. Ulug’bek saroyida ovchi qushlarga qarovchi Muhammad ismli kishining o’g’li bo’lganligi uchun unga Qushchi laqabi berilgan. Ali Qushchi otasidan yetim qolganidan so’ng Ulug’bekning tarbiyasida bo’lgani bois, Ulug’bek uni o’z «Zij»ining so’zboshida «Farzandi arjumand» deya u haqda quyidagi fikrlarni bildiradi: «Ammo ittifoqo, farzandi arjumand Ali ibn Muhammad Qushchi umrining yosh yillaridan va gullagan yigitlik fasllaridan beri ilmu fan zamirida ilg’orlab borayapti va uning tarmoqlari birla mashg’uldir. Qattiq ishonch va muhaqqaq umid bordurki, buning natijasida uning shuhrati yaqin zamonlarda va eng tez onlarda jahonning atrofu aknoflariga va mamlakatlariga yoyilib, tarannum bo’lur, insho Alloh al-aziz». Bu ma’lumotlardan ko’rinadiki, Ulug’bek Ali Qushchining ilmga bo’lgan muhabbatini oldindan ko’ra bilgan va unga o’z davrining yetuk olimi bo’lib yetishishida otalarcha g’amxo’rlik ko’rsatgan. Ali Qushchi boshlang’ich bilimlarni Samarqand olimlaridan, matematika va astronomiyaga oid bilimlarni esa Qozizoda Rumiy hamda Ulug’bekdan oladi. Bizgacha yetib kelgan ma’lumotga ko’ra, u yoshligida beruxsat Samarqanddan g’oyib bo’ladi. Kermonda biroz muddat mahalliy olimlardan bilim o’rganadi va yana Samarqandga, Ulug’bek huzuriga qaytib keladi. U o’zining Kermonda yozgan oyning shakllariga taalluqli eng birinchi asarini Ulug’bekka taqdim etadi. Ali Qushchi faqatgina astronomiya ilmi bilan cheklanmasdan falsafaga oid asar ham yozgan. Bu sohadagi olimlarning fikricha, o’shanda 15 yoshga kirgan Ali Qushchining falsafaga oid risolasi xuddi shu muammoga bag’ishlangan XIII asrning taniqli olimi Nasiriddin Tusiyning risolasidan o’zining keng qamrovli va chuqur tadqiqoti bilan ajralib turadi. O’sha davrdagi yosh olimlar ichida qobiliyati va bilimi jihatidan Ali Qushchiga teng keladigani yo’q edi. U Ulug’bek observatoriyasini loyihalashtirish va qurishda, uni zamonasining eng yaxshi asboblari bilan jihozlashda faol qatnashib, jonbozlik ko’rsatdi. Bevosita yulduz va sayyoralar harakatini kuzatdi, ilmi falakiyotga tegishli hisoblashlarni bajardi. Oqibat sohada katta yutuqlarni qo’lga kiritdi. Ustozlari bilan birgalikda buyuk asar sanalgan «Ziji Ko’ragoniy»ni yozishda qatnashdi. Bundan tashqari, o’zining ilmi falakiyot va ilmi riyoziyotga tegishli bir necha risolalarini ham yozdi. Bu bilan uning olimlar o’rtasida obro’si yanada oshdi. Bu borada Ali Qushchini buyuk falakiyotchi olim Klavdiy Ptolemeyga taqqoslashgani va o’z zamonasi Batlimusi (Ptolemeyi) deb nomlashgani bejiz emas, albatta. Ulug’bek Ali Qushchiga to’la ishonch bilan qaragan, uni o’z do’sti deb hisoblab, undan biron bir sirni yashirmagan. Ba’zan Ulug’bek unga davlat ahamiyatiga molik topshiriqlar ham bergan. Masalan, 1438 yilda Ali Qushchi Xitoyga safar qiladi va elchi lavozimida ishlaydi. Safardan qaytgach, Ali Qushchi Xitoy tarixi va jo’g’rofiyasi haqida «Xitoynoma» asarini yozadi. Bu risola muallifga katta shuhrat keltirib, XVI asrda ikki marta turk tiliga tarjima qilingan. Shuningdek, Ali Qushchi Movarounnahr, Eron, Kavkaz va Turkiya bo’ylab ham bir necha marotaba safar qilgan. 1430 yili Hirotga kelib, Abdurahmon Jomiy (1414-1492) bilan tanishadi va uni ilmi riyoziyotdan imtihon qiladi. Bo’lajak buyuk shoir kuchli fikrlash qobiliyatini namoyish etib, aljabr (algebra) va ilmi handasa (geometriya)dan yaxshi bilimlar egasi ekanligini ko’rsatadi. Bu do’stlik keyinchalik Samarqandda ham davom etadi. 1425 yilda Ali Qushchi «Risola fi-l hisob» («Hisob haqida risola») asarini yozadi. Bu asar madrasalarda o’quv-qo’llanma tarzida qo’llaniladi. Mashhur olimlar Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy vafot etganidan so’ng Ulug’bek rasadxonadagi qurilish ishlari va astronomik kuzatishlarga yosh olim Ali Qushchini mutasaddi qilib qo’yadi. 1429-1430 yillarda Ali Qushchi Ulug’bek topshirig’i bilan yana Hirotga boradi. U yerda Hirot madrasalarining ilmiy faoliyati va hayot tarzi, o’quv jarayoni bilan qiziqadi. Bundan ko’rinadiki, Ulug’bek davrida faqatgina poytaxt Samarqandda emas, balki temuriylarga tegishli boshqa hududlarda, jumladan, Xurosonda ham ilm-fan ravnaqi yuqori darajada, Ulug’bek maktabi bilan bevosita aloqada bo’lgan. 1449 yil Ulug’bek vafotidan keyin ham kamolot cho’qqisiga erishgan Ali Qushchi ko’p vaqtgacha Samarqandda istiqomat qilgan va ilmiy tadqiqotlarini davom ettirgan. Keyinchalik u Turkiyaga ketishdan oldin bir qancha vaqt Kermon shahrida istiqomat qilgan va o’z atrofiga iste’dodli olimlarni to’plagan. Shulardan biri ilmi riyoziyotga oid ko’p risolalar muallifi Nizomiddin Birjoniydir. Ikkinchisi esa uning nabirasi Miram Chalabiy. Bu iste’dodli olimning otasi Qozizoda Rumiyning o’g’li Hasan Chalabiy edi. Miram Chalabiy ilmi falakiyot va qonunshunoslik fanlari sohasida yirik mutaxassis edi. Ali Qushchi Turkiyaga Sulton Muhammad II taklifiga binoan keladi. Bu voqea to’g’risida olim o’z risolalaridan birida shunday yozadi: «Sulton meni qabul qilganida uning taklifidan men bilan so’zlashish niyati bor ekanligi yaqqol ko’rinib turardi. Sulton mendan unga atab ilmi riyoziyotdan kitob yozishimni so’radi. Men Sultonda tabiiy fanlarga muhabbat borligini sezdim va qisqa vaqt ichida ilmi riyoziyotdan kichik kitob yozdim». Sulton Muhammad II fan va san’at homiysi edi. Uning saroyida xuddi Ulug’bek saroyidagidek ko’pgina olimlar ishlardi. Ular orasida Ulug’bekning sevimli shogirdi Ali Qushchining borligi sulton uchun juda maqbul ish edi. Olim sulton sharafiga atab «Kitob al — Muhammadiya» deb nomlangan riyoziyotga oid risolani yozdi va unga taqdim etdi. Bu ishi uchun u mukofot tariqasida har oyda 200 dirham pul (kumush tanga) oladigan bo’ldi. 1472 yilning bahorida Ali Qushchi Istambuldagi Ayya So’fiya madrasasiga bosh mudarris etib tayinlanadi va o’z talabalariga Ulug’bekning ilmiy maktabi, observatoriyasi haqida ilmiy ma’ruzalar o’qiydi. Ali Qushchining bizgacha yigirmadan ortiq asarlari yetib kelgan. Jumladan, uning «Risola fi-l hisob», «Risolai qusur» («Kasrlar risolasi»), «Sharqi Miftoh al-ulumi Taftazoniy» «Taftazoniyning «Miftoh al-ulum»ining sharhi»), «Risola dar ilmi hay’at» («Astronomiya ilmi haqida risola») kabi asarlari matematika, astronomiya fanlarining rivojida katta ahamiyat kasb etadi.

SAYTIMGA XUSH KELIBSIZ !