AL-FARG’ONIY

AHMAD FARG‘ONIY

Milodiy 861-yil. Bag‘dod. Xalifalik saroyi. Turli martaba-mansabdagi odamlarning ko‘zi olimona kiyingan nuroniy kishi — Ahmad Farg‘oniyda.

AHMAD FARG‘ONIY

(taxminan 798—865-yillar)

Milodiy 861-yil. Bag‘dod. Xalifalik saroyi. Turli martaba-mansabdagi odamlarning ko‘zi olimona kiyingan nuroniy kishi — Ahmad Farg‘oniyda. Xalifa al-Mutavakkil hozirgina unga al-Fustot shahrida Nil suvi sathini o‘lchovchi qurilma—miqyosni barpo etishni topshirdi. Bu qanchalik ulug‘, sharafli va savobli ish ekanligini alloma yaxshi biladi. Axir, Nil daryosining betiyiqligidan necha vaqt-necha zamonlardan buyon ozmuncha odamlar jabr ko‘rmayaptimi?! Goh suvsizlikdan azob chekishsa, goh suv toshib. hamma yoqni xarob qiladi. Bu dam qachon kelishini bilish uchun qilingan barcha urinishlar behuda ketmoqda. Birdan-bir chora—Nil o‘zanining eng qulay joyi bo‘lgan al-Fustot shahridagi Ravzo (Ro‘da) orolida maxsus inshoot barpo etib, Nil toshqinidan odamlarni vaqtida xabardor qilish. Ana shu inshootni qurish to‘g‘risida topshiriq olgan Ahmad Farg‘oniy hamkasb, hambayt do‘stlari bo‘lgan olimlar bilan xayrlashib, yo‘l taraddudini ko‘rmog‘i lozim…

Ahmad Farg‘oniy kim? Nima sababdan u xalifa saroyida bu qadar ishonch va e’tibor topgan?

Ahmad Farg‘oniy Davon (hozirgi Farg‘ona) viloyatining Qubo (hozirgi Quva) shahrida dunyoga keldi. Uning to‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir Farg‘oniy. Yosh, qobiliyatli va tirishqoq Ahmad dastlab Quboda, so‘ng o‘sha davrning madaniy markazlaridan bo‘lgan Axsi shahrida an’anaviy fanlardan ta’lim olib, olim bo‘lib yetishdi. Taqdir taqozosi bilan xalifalikning muhim tayanchlaridan bo‘lgan Marv shahriga kelib, Xorun ar-Rashidning o‘g‘li xalifa Abdulloh al-Ma’mun saroyidagi ilmiy doiraga tortiladi. Bu yerda Muhammad Xorazmiy, Yahyo ibn Abu Mansur, Xolid ibn Abdulmalik al-Marvarrudiy, Abbos ibn Said al-Javhariy, Ahmad ibn Abdulloh Habash al-Hosib singari Movarounnahrda nom chiqargan olimlar bor edi. Al-Ma’mun o‘z qarorgohini xalifalik poytaxti Bag‘dodga ko‘chirgach, barcha olimlarni, shu jumladan Ahmad Farg‘oniyni ham o‘zi bilan olib ketadi. Bu olimlar Xorun ar-Rashid asos solgan «Baytul hikma» — «Donishmandlar uyi» an’analarini davom ettiradilar.

Bu davrda yunon, hind, xitoy olimlari asarlarini arab tiliga, arabnavis olimlar asarlarini esa yevropa va sharq xalqlari tillariga tarjima qilish keng avj olgan va bu ishning borishini xalifa al-Ma’munning o‘zi nazorat qilardi. Keyinchalik «Baytul hikma» olimlari aniq fanlar yuzasidan tadqiqotlar bilan shug‘ullanishdi. Jumladan, yer meridiani bir darajasining uzunligini, Quyoshning eng katta og‘ishini o‘lchash, yulduzlar o‘rni ko‘rsatilgan jadvalni yaratish singari ishlar bajarildi. Mashhur Shammosiya rasadxonasida boshqa tadqiqotlar olib borildi, astronomik asbob-uskunalar yaratildi. Bu ishlarda Ahmad Farg‘oniy bevosita qatnashdi.

Ahmad Farg‘oniy samoviy yoritkichlar o‘rnini aniqlab, ularning harakat yo‘nalishini kuzatdi. Shuningdek, Quyosh va Oyning to‘liq va to‘liqsiz tutilishi sabablarini o‘rganib, bu hodisa ular orasidan Yerning o‘tishi bilan bog‘liqligini aniqladi. Hatto navbatdagi

Quyosh tutilishi vaqtini ham hisoblab chiqdi.

Tarixiy manbalarda Ahmad Farg‘oniy bir qancha astronomik asboblarni yaratganligi haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Shuningdek u astronomik atamalarni ishlab, tartibga solgan va izohlab bergan.

Ahmad Farg‘oniy asarlaridan sakkiztasigina bizga ma’lum. Boshqa asarlari bizgacha yetib kelmagan. Uning asosiy asari «Ilmi nujum asoslari haqida kitob» bo‘lib, unda olim Yerning dumaloq shakldaligini isbotlab bergan. Bu asar 12-asrda lotin tiliga, 14-asrda Yevropadagi boshqa xalqlar tillariga tarjima qilinib, 17-asrgacha Yevropada astronomiyadan yagona darslik hisoblangan.

Ahmad Farg‘oniy «Asturlob bilan amal tutish kitobi», «Al-Farg‘oniy jadvali», «Jady diametri uchun al-Farg‘oniy jadvali», «Oy Yer ustida va ostida bo‘lgan vaqtida vaqtni aniqlash haqida risola», «Yetti iqlimni hisoblash», «Quyosh soatini yasash haqida kitob» singari asarlarni ham yozgan.

Ahmad Farg‘oniy nomini abadiylashtirgan yana bir narsa — Nil daryosi ustiga qurilgan suv o‘lchash inshooti — «Miqyosi Nil» (Nilometr)dir. Bu inshoot 861-yildan 865-yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida qurilgan, deb hisoblanadi. O‘n bir asrdan ortiq vaqt mobaynida xalq xizmatida bo‘lgan bu inshoot, Asvon to‘g‘oni qurilgach, o‘z ishini to‘xtatgan va hozir muzeyga aylantirilgan.

Ahmad Farg‘oniy — jahonga dong‘i ketgan astronom, matematik, muhandis, gidrotexnik. Yevropada u Alfraganus nomi bilan mashhur.

Ahmad Farg‘oniy Qohiraga yaqin yerga dafn etilgan. 1998-yilda jahon ilmiy jamoatchiligi olimning 1200 yilligini keng nishonladi. Uning asarlaridan namunalar, o‘zi haqida ilmiy va ommabop asarlar chop etildi.

Respublikamizda ko‘plab joylar va muassasalar uning nomi bilan yuritiladi. Farg‘onada allomaning mahobatli haykali qad ko‘tarib turibdi.

SAYTIMGA XUSH KELIBSIZ !