SHARQ ALLOMALARI

Abu Abdulloh Al-Xorazmiyning Hayoti Va Ilmiy Faoliyati

REJA:

I     KIRISH

II    ASOSIY QISM:

  1. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning hayoti
  2. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning ilmiy faoliyati

III   XULOSA

IV   FOYDALANGAN ADABIYOTLAR.

KIRISH

    Xorazm  -  o'ziga xos va bеtakror madaniyat diyori. U jahon fani va madaniyati taraqqiyotida o'chmas iz qoldirgan Xorazmiy, Bеruniy va boshqalar, shubhasiz, shunchaki tag-zaminsiz еtishib chiqavеrmaydi. 

Ma’lumki milodning IX-XI asrlari Markaziy Osiyoda tabobat va kimyo ilmlarini chuqur o’rganib, ularni rivojlantirgan Abu Bakr ar-Roziy, buyuk faylasuf Abu Nasr al-Forobiy, ilmu-n-nujum va jo’g’rofiya fanlarining taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Nasir al-Farg’oniy, olamga mashhur xoziq tabib Abu Ali ibn Sino kabi buyuk allomalar davri edi.

O’sha davrning keng bilimli, peshqadam olimlaridan biri Abu Abdulloh al-Xorazmiydir. Bu olim haqida juda kam ma’lumot saqlanib qolgan.

Abu Abdulloh al-Xorazmiyning hayoti

   Olimning to’lik ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf al-Xorazmiy. Uning yoshligi Xorazmning Xiva, Zamaxshar va Qiyot shaharlarida o’tgan. U bu shaharlarda yashadi, ta’lim oldi va ilmning bir qancha jabhalarida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Olim Xurosonda ham yashagan. Uning mashhurligi 976-997 yillarda hukmronlik qilgan Somoniylar podshohi Nuh II ning vaziri Abu Hasan al-Utbiy (977-982) huzurida kotib bo’lib xizmat qilgan davrida cho’qqiga chiqqan. Shu vazifasi tufayli u “al-kotib al-Xorazmiy” ismi bilan ham tanilgan. O’z xizmat vazifalari yuzasidan Somoniylar poytaxti Buxoroga tez-tez borib turgan va u yerda ko’pgina allomalar bilan hamsuhbat bo’lgan bo’lsa ajab emas. Abu Abdulloh al-Xorazmiy 997 yilda vafot etgan.

Olimning dunyoqarashi o’sha davrda keng taralgan qadimgi Yunon falsafasi va madaniyati, Sharq namoyondalari YOqub ibn Ishoq al-Kindiy, Abu Nasr al-Forobiy hamda Abu Bakr ar-Roziy ta’siri ostida shakllandi.

Ayni vaqtda ilmga chanqoq olim xizmat asnosida amirning boy kutubxonasidan foydalanish huquqiga ega ham edi. Bu kutubxonaning tavsifi Abu Ali ibn Sinoning o’zi yozgan tarjimai holida quyidagicha berilgan: “Bir kuni shohdan kutubxonasiga kirishga va u yerdagi tibbiyotga oid kitoblarni mutolaa qilishga ruxsat so’radim. Shoh menga ruxsat berdi. Men ko’p xonalardan iborat kutubxonaga kirdim. Har bir xonada kitob sandiqlar turar, kitoblar esa ustma-ust taxlab quyilgan edi. Xonalarning birida arab kitoblari, she’rlari, boshqasida fiqhga oid asarlar turardi. Shu tartibda har bir xonada ma’lum bir fanga oid kitoblar to’plangan edi. Keyin bizdan oldin o’tgan olimlar kitoblari ro’yxatini o’qib chiqdim va undan keraklarini talab qildim.     

                  U yerda shunday narsalarni ko’rdimki, ko’pchilik hatto ularning nomlarini ham eshitmagan bo’lsa kerak. O’zim ham ularni bundan avval ko’rmagan edim. Bundan keyin ham uchratmadim. O’sha kitoblarni o’qib, ulardan bahramand bo’ldim, shu bilan har bir muallifning ilmdagi darajasini bilib oldim.

                  Abu Abdulloh al-Xorazmiyning ilmiy faoliyati

                  Abu Abdulloh al-Xorazmiyning bizgacha yetib kelgan,   ko’pchilik asarlari singari o’z davrining ilmi  arab tilida bitilgan, yagona ma’lum bo’lgan asari – “Mafotih al-ulum” (“Ilmlar kalitlari”) asaridir. “Mafotih al-ulum”ning qo’lyozma nusxalari uncha ko’p emas. Yaqin-yaqingacha uning to’rt nusxasi bor deb hisoblab kelinadi. Ana shu to’rt nusxadan uchtasi Buyuk Britaniya mo’zeyida hamda Berlin qutubxonasida saqlanadi.

            Asrimizning 60-yillarida amriqolik olim Bosvart Turkiya kutubxonalarida ushbu asarning yana olti nusxasi borligini aniqladi. Bu olti nusxaning hammasi Istanbul shahridagi kutubxonalarda saqlanadi.

            Abu Abdulloh al-Xorazmiyning bu asari o’rta asrlarda fanlarning rivojlanish tarixiga molik kamyob manba sifatida davrimizning ko’pgina olimlarning e’tiborini o’ziga jalb etdi.

            Birinchi bo’lib bu manbani o’rgangan va 1160 yildagi qo’lyozma nusxasi asosida uning aniqlangan 1895 yilda kashf qildirgan olim – gollandiyalik olim Van Flotendir. Akademik I.YU.Krachkovskiyning fikricha, bu asar 976 va 991 yillar orasida yaratilgan. Olim Brokelman uni qisqa va aniq ma’lumotlarni o’z ichiga olgan hamda ko’p fanlar yoritilgan qomusiy asar deb baholasa, E.Videman asar muallifi Abu Abdulloh al-Xorazmiyning birinchi musulmon ilmini fan nuqtai nazaridan  ajratuvchilardan deb ta’kidlaydi.

            “Ilmlar kalitlari” o’ziga xos qomusiy asar bo’lib, o’sha davrdagi deyarli hamma asosiy fan sohalarini qamrab olgan. Muallif o’rta asrlardagi har bir fan mazmunini asosiy voqealarini sharhlash yo’li bilan tushuntirib bergan. Binobarin, akademik I.YU.Krachkovskiy ta’kidlaganidek, bu asar o’sha davr bilimlarining barcha sohalarini o’z ichiga oluvchi izohli terminologik lug’atdir.

            Abu Abdulloh al-Xorazmiy “Ilmlar kalitlari” asariga kirish qismida: “Men bu asarni (“Mafotih al-ulum”ni –R.B.) ikki qismdan iborat qilib to’zdim. Birinchi qism shariat va u bilan bog’lik arab bo’lmagan, ya’ni yunonlar va boshqa halqlar ilmlariga bag’ishlangan”,- deb yozgan edi.

Abu Abdulloh al-Xorazmiyning ilmlari tasnifiga  yondashishi o’ziga xos bo’lgan. Bu tansifda  shu sohada qadimgi Yunonistonda  ilk bor bayon etilgan an’analar hamda Abu Abdulloh al-Xorazmiydan oldin o’tgan O’rta asr Sharq olimlarining ilmlarni tartibga solish bo’yicha qilgan ishlarining natijalari aks etgan. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning ilmlar tasnifi umumiy shakli quyidagichidir:

I.Shariat va u bilan bog’lik, arab ilmlari.

1.Fiqh, ya’ni musulmon huquqshunosligi

2.Kalom, ya’ni ilohiyat asoslari.

3.Grammatika

4.Ish yuritish.

5.She’riyat va aruz.

6.Tarix, ya’ni     muayyan bir vaqtdan boshlab tarixni hisoblab   

    borish ilmi.

II.“Arab bo’lmagan” ilmlar.

1.Nazariy falsafa.

     a)    tabiiy ilmlar;

     b)    riyoziyot ilmlari;

     v)    ilohiy;

     g)    mantiq.

2.Amaliy falsafa.

     a)   etika ;               

     b)   uyshunoslik;

     v)   siyosat.

Arab bo’lmagan fanlar

Ko’rib o’tgan tasnifimiz ikkinchi qism, ya’ni “arab bo’lmagan” fanlarni bayon etishda falsafani nazariy va amaliyga  bo’ladi. Ammo fanlarning o’zini bayon etishda Abu Abdulloh al-Xorazmiy “arab bo’lmagan” fanlarning boshqa ajoyibroq bayonini taqdim etadi va asarining ikkinchi qismini shu tartibda joylashtiradi. Bu holatda avval falsafa va mantiq, so’ngra tibb, arifmetika, handasa, ilmu-n-nujum, musiqa mexanika va kimyo keladi. Asarning ikkinchi qismini ham xuddi ana shu tartibda ko’rib o’tamiz. O’rta asr Sharqining ko’pgina faylasuflari uchun ham Arastu falsafasi asosiy dastur edi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy borlikni zaruriy va mumkin bo’lganga bo’lib, Abu Nasr al-Forobiy singari xudoni ob’yektiv moddiy  olam bilan bir vaqtda birinchi sabab sifatida mavjudligiga yo’l qo’ydi, shuning o’zi tabiat mustaqilligini ta’kidlaydi. Zaruriy borlik tushunchasi ma’nosida Allohni tushunadi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy narsalarni ikki xilga ajratadi. Elementlar, ya’ni birlamchi elementlar va yasama murakkab jismlar. U moddiy olam asosini tashkil etuvchi bo’laklar orasida  qandaydir qat’iy chegara borligini inkor etadi va to’rt moddiy elementlar biri-biriga aylanishini tan oladi. Dunyodagi har bir hodisa o’zining aniq joyi va mavjudlik zamoniga ega bo’lib, uning o’zgarishi esa tabiiy qonuniyat bilan bog’likdir. Al-Xorazmiy kalom ahli kabi, narsalarning o’zgarishini ilohiy quvvatga bog’lab qo’ymaydi, bu hodisani tabiat qonuniyatlari sababidir deb tushuntiradi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy moddiy borlikni mavjudligining asosiy shakllari makon va zamon ekanligini tan oladi. “Mafotih al-ulum” muallifi o’sha davrning muhim masalalaridan biri – jismlarning cheksiz bo’linishi haqidagi fikrni o’z navbatida paydo bo’lishi va yo’q bo’lishi mumkin emasligini isbotlaydi. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning bu xulosasi antik davr mutafakkirlari Levkipp va Demokrat ilgari surgan narsalarning bo’linmas zarrachalari-atomlar haqidagi faraz, ya’ni atomistik ta’limot tarafdori ekanligidan dalolatdir.

            Arastu kabi Abu Abdulloh al-Xorazmiy ham falsafani nazariy va amaliy qismlarga bo’ladi. Nazariy qismi ham o’z navbatida uchga: tabiiyot, riyoziyot, ilohiyotga bo’linadi. Falsafaning amaliy qismida Abu Abdulloh al-Xorazmiy “odam o’zini boshqarishi”, ya’ni etika “uyni boshqarish”, ya’ni uyshunoslik va “jamoatni boshqarish”, ya’ni siyosatni qurib o’tadi va ularni shu “mutaxassislik bilan shug’ullanuvchilar masalasidir” deydi. Falsafiy atamalarni sharhlashda Abu Abdulloh al-Xorazmiy o’z davri falsafasi yutuqlarini umumlashtiradi. Al-Xorazmiy fikricha yer yuzi, yulduzlar to’rt element asosida yotuvchi birlamchi materiya va umuman moddiylikning asosidir.

            Qadimgi Sharq va antik Yunon mutafakkirlari asarlariga  asoslangan va arab tilida ijod qilgan tadqiqotchilar boshqa ilmlar bilan birga mantiqni ham o’rganadilar. O’sha davrning eng ko’zga ko’ringan mantiqshunoslaridan  al-Farobiy, ibn Sino, ibn Rumd, Arastu, Aflotun va boshqalar edi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy o’zining nazariy ilmlari tartibida har qanday tafakkur, ilmiy bilimning zaruriy ibtidosi sifatida aks etgan mantiq masalalarini ham o’rganadi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy mantiq masalalarini ko’rib chiqishni so’z va iboralar o’zaro munosabatini bayon etishdan boshlaydi. O’rta Sharq mualliflari mantiqda so’zlarning ma’no anglatishining uch turini, ya’ni so’z o’zining to’lik mazmunini anglatishi, so’z o’z mazmunidan kelib chiqadigan narsani anglatishini farqlar edi.

            Abu Abdulloh al-Xorazmiy o’zining ilmlari tasnifi nazariy falsafaga tabiiy ilmlar va riyoziyot ilmlarini kiritib, birinchi guruh, tibb, mineralogiya, asarda alohida  qayd etilmagan bo’lsa ham, al-kimyo  va mexanikadan iborat deb hisoblaydi. Abu Bakr, Ali ibn Rabbon at-Tabariy, Ali ibn Abbos al-Majusiy, ayniqsa, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk olimlar va tabiblar o’z vaqtida tibbga katta hissa qo’shganlar. “Mafotiq al-ulum” muallifi nazariy tibb va farmakologiya masalalari bilan shug’ullanganlaridan biridir. “Tibb qonunlari” asari bunyodkoridan oldin yashagan Abu Abdulloh al-Xorazmiy tibbga sakkiz bobdan iborat ikkinchi qismining uchinchi bo’limini bag’ishladi. Jahon riyoziyot tafakkurini o’zining yuqori darajali yutuqlari bilan boyitgan IX-X asrlar Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari riyoziyoti rivojlanishining klassik davri hisoblanadi. Yaqin va O’rta Osiyo, Sharq va alalxusus, Markaziy Osiyo halqlarining riyoziyot fanlari rivojlanishida Abu Abdulloh al-Xorazmiyning “Mafotih al-ulum” asari muhim ahamiyat kasb etadi.

Abu Abdulloh al-Xorazmiy asrida arifmetika besh bobdan iborat. Nazariy arifmetikaning birinchi bo’limi alohida miqdor haqidagi ta’limotga “Mafotih al-ulum”ning birinchi bobi bag’ishlangan. Bu yerda Abu Abdulloh al-Xorazmiy juft va toq, juft-juft, juft-toq, juft-juft-toq, sodda va murakkab, mutloq kabi sonlarning ta’rifini bayon qiladi. Nazariy arifmetikaning uchinchi bo’limiga sonlarni faqat mutloq ma’noda o’rganuvchi sonlarning munosabati va nisbatiga bag’ishlangan.

            “Mafotih al-ulum”dagi handasa ilmi to’rt bobdan iborat. Abu Abdulloh al-Xorazmiy fanlarning amaliy qismga taalluqli hisoblagan birinchi bob “Ushbu san’atga kirish” deb ataladi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy “Chiziqlar” deb nomlangan ikkinchi bobda chiziqlar xususida to’xtalib, chiziqlar uch xil bo’ladi, ya’ni to’g’ri, botiq va yoysimondir,-deydi. “Mafotih al- ulum” muallifi uchinchi bobni yassi geometrik shakllarga bag’ishlaydi. Yassi shakllar uch xil bo’ladi: yassi, qabariq, botiq. Ushbu bo’limning to’rtinchi bobi geometrik shakllar : kub, konus, sharga bag’ishlangan.

            Dengizda kemalar harakatining ko’payishi tijorat, iqtisod va shu kabilarning rivojlanib ketishi samoviy jismlar haqidagi fan ilmu-n-nujum-astronomiya. Jumladan, unda ishlatiladigan asboblar paydo bo’lishi va rivojlanishiga olib keladi. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning ko’rib o’tilayotgan asarida astronomiyaga oid bo’lim to’rt bobga ajratilgan. Yulduzlar turkumi ularning turlari holati va harakati, harakatlanuvchi va turg’un yoritgichlar va ularning yulduzlar turkumida joylashishi deb nomlangan birinchi bobda ko’rib o’tiladi.          

            Ilk o’rta asrlarda boshqa ilmiy bilimlar bilan bir qatorda musiqa ilmi ham shakllanadi va rivojlanadi. Uni rivojlantirishda mahalliy musiqa an’analaridan ozuqa olish bilan birga boshqa mamlakatlar va xalqlar avvalo Ellinistik Yunon musiqaviy nazariy yutuqlarini o’zida mujassam qildi. Keyingi bir necha yuz yillar davomida Sharq va G’arb musiqa nazariyotchi olimlari Abu nasr al-Forobiyning “Musiqaga oid katta risola”, Ibn Sinoning “kitob ash-Shifo”, “kitob an-Najot” asarlari va boshqa kitoblarga suyanib tadqiqotlar olib borganlar. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning “Musiqa” haqidagi bo’lim uch bobdan iborat “Musiqaviy asboblar nomlari va ular bilan bog’lik bo’lgan narsalar haqida” deb nomlagan. So’ngra Markaziy Osiyoda o’sha vaqtda qo’llanilgan turli musiqaviy asbob nomlari va ularning kelib chiqish joylari beriladi. U tanbur, surnay, shoxrud va boshqa asboblar shakllari va to’zilishi haqida fikr yuritadi. Mexanikaning rivojlanishi va alohida ilm sifatida shakllanishi antik davrdan boshlandi. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning “Mafotih al-ulumning” ikkinchi qismidan o’rin olgan mexanika bilan yakunlanadi. U o’rta asrlik boshqa olimlarga o’xshab mexanikani “Ilm al-hiyal”, ya’ni “Ustalik bilan yasalgan qurilmalar haqidagi ilm” deb nomlaydi.

Tabiblar dorilar tayyorlashda tez-tez u yoki bu kimyoviy jarayonlardan foydalanishga majbur bo’lar edilar. Shuning uchun ham ko’pgina tabiblar kimyoni yaxshi bilar va o’z davrining yirik kimyogarlari bo’lgan edilar. Jobir ibn Hayon, Hunayn ibn Ishoq, Abu Bakr ar-Roziy,  Ibn Sino va boshqalar asos solgan al-kimyo asosida paydo bo’la boshladi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy kimyoning turli masalalarini tadqiq qilib, uni keng yoritgan va unga o’z asarining ikkinchi qismidagi oxirgi bo’limini bag’ishlagan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Abu Abdulloh al-Xorazmiy o’z o’tmishdoshlarining ilmiy bilishlari haqidagi fikrlarini ma’lum darajada umumlashtirdi va boyitdi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy tinmay mehnat qilib yirik tadqiqotlar olib borgan va kimyo tarixi, xususan Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari kimyosi bilan tanishishga haraqat qiladi. Umuman olganda, Abu Abdulloh al-Xorazmiy o’z davri tabiiy va riyoziyot ilmlarini yaxshi bilgan.                       

Islom dini asoslarini tashkil etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy bilimlar.

Jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan ijtimoiy-iqtisodiy bilimlar O’rta asrlarda rivojlanishning yuqori darajasiga yetdi. Tarixiy shart-sharoitlar taqozasi bilan ularning hammasi islom dini asoslarini tashKil etuvchi shar’iy ilmlarga taalluqli bo’lgan. Boshqa olimlar singari Abu Abdulloh al-Xorazmiy ham shar’iy ilmlarga O’z asarini birinchi qismidagi olti bo’limi bag’ishlangan. Bu qism musulmon huquqshunosligiga taalluqli o’n bir bobdan iborat fiqhdan boshlanadi. Unda islom qonunshunosligining asosi bo’lgan va islom huquqi posbonining doimiy dasturi qur’on, payg’ambar so’zlari, hiqmatli gaplari va hayotini aks ettiruvchi Sunnat, Hadis va uning xillari; Ijmo’-islom jamoasining yaqdillik bilan tan olgan qarori; qiyos-qur’on va Sunnatda tegishli ko’rsatmalar bo’lmaganda, avvalroq ushbu holda tutilgan yul asosida xulosa qilinishi haqida gap yuritiladi. Ba’zi huquqshunoslar, Abu Abdulloh al-Xorazmiy fikricha, qiyosga, shariatga zid bo’lmagan holatni ham qo’shadilar.

Kalom

Abu Abdulloh al-Xorazmiy “Mafotih al-ulum” asaridagi birinchi qismning ikkinchi bo’limi kalom ilmiga bag’ishlangan bo’lib, u yetti bobdan iborat.

Birinchi bobda kalomda ishlatiladigan falsafiy atamalarga qisqacha talqin beriladi va ular din ahli tomonidan qanday tushunilishi qayd etiladi. Masalan: Aksidensiya (tub mohiyati, e’tibori bilan uncha ahamiyati bo’lmagan jo’z’iy xususiyat) – harakatlanuvchi narsadagi harakat, oq narsadagi oqlik, qora narsadagi qoralik kabi substansiyaning holati. Mantiq ahlining aksidensiya haqidagi tushunchasi kalom ahli tushunchasidan farq qiladi. “Aksidensiya- bu bir narsaning ikkinchi narsadan mohiyatiga ko’ra farq qilishi emas, oqlik, qoralik, issiqlik, sovuqlik va shunga o’xshash”.

Abu Abdulloh al-Xorazmiy yashagan davrning o’zida butun Yaqin va O’rta Sharqda ko’pgina mazhablar bo’lib, ular o’zaro kurash olib borar edilar. “Mafotih al-ulum” muallifi tomonidan yettiga bo’lingan va bayon etilgan musulmon mazhablari haqidagi ma’lumotlar muhim ahamiyatga egadir. Ana shu ma’lumotlar “kalom” bo’limining “Musulmon arboblari va mazhablari ismlarini zikr etish” nomli ikkinchi bobda berilgan. Abu Abdulloh al-Xorazmiy bu bobda mazhablarni o’zi va muallif fikricha ham qayd qilib o’tadi: “Mu’taziliylar- bu nom bilan haqiqatgo’ylik va yakkaxudolik ahli namoyondalarini ataydilar va ular 6 firqadan iborat.

Kalom bo’limi islomda mavjud bo’lgan diniy mazhablar va alalxusus, mu’taziliylar haqida mukammal ma’lumotlar borligi bilan diqqatga sazovordir. Ayniqsa, Mu’taziliylar X asrda rasmiy ta’qib qilinganini e’tiborga olsak, uning ahamiyati yanada ortadi. Bu bo’limdagi qimmatbaho ma’lumotlar qatoriga islomdan oldingi Eron va Yaman, Hindistondagi diniy e’tiqodlar va mazhablarning qayd qilinishini ta’kidlab o’tish kerak. 

Bu bo’limda Abu Abdulloh al-Xorazmiy ob’yektiv baho beruvchi din tarixchisi sifatida gavdalanadi. Islom dini Sharqda keng tarqalgan o’sha davrdagi mazhablar haqidagi ma’lumotlarning bu qadar to’liq bayon etilishi muallifning mustaqil fikr egasi va yirik olim ekanligidan dalolat beradi. Boshqa tomondan esa, bu ma’lumotlar Yaqin va O’rta Sharqdagi hamda Markaziy Osiyodagi halqlarning dinlari tarixini o’rganishda ham katta ahamiyatga egadir.

Grammatika

Arab halifaligi arab adabiy tili muammolarini hal etishga  e’tibor berishni talba qiladi. Arab yozma adabiyotini rivojlanishi ham bu masalaning kun tartibiga qo’yilishini taqoza etadi. Shuning uchun YII-IX asrlar davomida bu Arab xalifaligida madaniyatni rivojlantirish asosiy masalasi bo’ldi. Halifalikda turli qabilalarning ko’pligi masalaning dolzarbligini yanada oshirdi. Ularning birlashishi nafaqat adabiy, balki siyosiy masalalarni ham hal qilardi.

Adabiy til grammatikasining ishlab chiqish masalasi qanchalik qiyin bo’lmasin, X  asrga kelib u muvaffaqiyatli hal qilindi. Arab tili qonun qoidalarni aniqlashda Abu Asad ad-Duali va boshqa olimlarning hissalari katta bo’ldi. Bu esa tilni yanada rivojlanishi uchun imkqon yaratdi. Grammatika, ayniqsa, arablar ilmi va adabiyoti halqaro ahamiyatga va darajaga yetgan Abbosiylar davrida chuqur va mukammal o’rganildi. Bu masalada, ya’ni arab tili grammatikasi rivojlanishiga, Iroqning ikki- Basra va Qufa shaharlaridagi ilmiy  munozaralar va ularning jo’shqin faoliyatlari katta ta’sir ko’rsatdi. Basrada grammatikani o’rganuvchi maktab paydo bo’lishi iqtisod,, adabiyot va sa’nat avj olishi davriga to’g’ri kelib, uning namo            namoyondalari arab tili va grammatikasining nazariy masalalarini ishlab chiqishda juda katta ishlarni amalga oshirdilar. Ushbu maktab vakillari sifatida Iso as-Sag’ofiy, “Kitob al-Ayn” nomi bilan tanilgan birinchi arab muallifi Hamil ibn Ahmad (718-792), Sharqda va G’arbda ko’zga ko’ringan barcha yirik arab grammatiklari tomonidan foydalanilgan va sharhlangan “al-kitob” muallifi Sibavayh (Abu Bishir Amr ibn Usmon Qambar, vafoti 797 yil atrofida)ni ko’rsatish mumkin. “Al-kitob” Basra grammatik maktabi izlanishlarining yakuni bo’lib, unda arab grammatikasining mukammal tartibi tugal shaklda berilgan. Ushbu maktab vakillari sifatida al-Asma’iy (740-828), uning shogirdi, fiqh va filologiya bilimdoni Abu Ubayd (770-837), klassik arab tili haqidagi al-Mubarrad (826-898) va boshqalarni ko’rsatish mumkin.

Basradan bir oz keyin Qufa shahrida ham grammatik maktab paydo bo’ldi. Uning vakillaridan bo’lgan ar-Guosi, bizgacha yetib kelgan “Xatolar haqidagi risola” muallifi al-Nisoiy (Ali ibn Homid al-Asadiy, vafoti 805 y), o’z asarlari bilan hamkasblari ishlarini takomillashtirgan Ibn as-Saqqit (vafoti 858 y), Muhammad al-Anboriy (vafoti 939 y), al-Farroiy va boshaqalardir. YIII  asrdan boshlab bu maktablar orasida bo’lib o’tgan ilmiy munozaralarda arab tili ikir-chikirigacha mukammal ishlab chiqildi.

Ish    yuritish

Ish yuritishga bag’ishlangan to’rtinchi bo’lim devon, ya’ni davlat yuritish bo’limlarining daftarlarini sharhlashdan boshlanadi. So’ngra soliq nomlari, ularni yozib borish va olinishi, Somoniylar davlatida xalqdan olinadigan hamma soliq turlari, soliq yig’uvchilarning vazifalari, soliq yig’ish yo’li va hajmi, davlat omborlarida foydalaniladigan eng umumiy va ma’lum og’irlik o’lchovlari mukammal tavsif qilinadi.

Bu yerda biz “Mafotih al-ulum”da  zikr etilgan o’sha davrda Yaqin va O’rta Sharqda hamda Markaziy Osiyoda keng tarqalgan va ishlatilgan o’lchov birliklarini mufassalrok ko’rib o’tish kerak. Bu ma’lumotlarning qimmatini oshiruvchi tamoyillardan biri Abu Abdulloh al-Xorazmiy O’rta asrda Sharq mamlakatlarining turli burchaklarning bir yoki ikki o’lchov bilan, goho esa uning ikki va undan ortiq ekvivalentini keltiradi. Bu esa anashu o’lchov birliklarining mohiyatini aniqlashda, ularni qiyosiy o’rganishda yordam beradi.

Masalan:

Tassuj-misqolning uchdan birining sakkizdan biri

Suha-Xorazm va Toxariston ahli o’lchov birligi bo’lib, yigirma to’rt tangaga teng, shuning o’zi ikki kafizdir.

Gor-shuningdek (Xorazm ahlida ishlatiladi) ungurdur.

Olmoniyalik sharqshunos V.Xins “Mafotih al-ulum”dagi ko’pgina o’lchov birliklarini tadqiq qilgan. Bu bo’limning to’rtinchi bobida pochta devonida  ishlatilgan ma’lumotlar ham bayon etilgan.

Askarlar ro’yhatini to’zish, ularning kiyim-kechagini va ularga  to’lanadigan maoshlar, atamalari mazmunini sharhlash, Iroq va Xurosonda, xususan Nishopur, Buxoro, Xorazm, Nasaf shaharlarida qo’llanilgan maydon o’lchov birliklari alohida qimmatga egadir.

She’riyat    va     aruz

Besh bobdan iborat she’riyat va aruz beshinchi bo’limda ko’rib o’tilgan. Avval aruz asoslari va uning bir necha ko’rinishdagi o’n besh xili haqida fikr yuritilgan, joxiliya, ya’ni islomgacha bo’lgan klassik arab shoirlari she’rlaridan namunalar keltirilgan. So’ngra she’riy o’lchovlar (vazn), undagi ba’zi bir kamchiliklar, qofiya va she’riyat taqrizi, ya’ni badiiy til bilan qiziqish, arab she’riyatining ko’pgina  namoyondalari xususida to’xtab o’tilgan. Muallif o’zidan oldin o’tgan arab shoirlarining tanqidiy tahlili, arab she’riyati va uning to’zilishini ko’rsatishda Imrul Qays, Abu Tamom, Jarir, Bashar ibn Burd, Dureyd ibn Samma va boshqa shoirlarning  she’rlaridan foydalangan.

Tarix

Muayyan bir vaqtdan boshlab tarixni hisoblab borish haqidagi fan sifatida tarixni Abud Abdulloh al-Xorazmiy o’z asrining birinchi, ya’ni “arab ilmlari” qismiga kiritgan. Hamda unda  islomgacha bo’lgan va islomdan keyingi davr tarixini, qisqacha Eron, Rum tarixini bayon qilganda o’z davri an’anasiga binoan podshohlar sulolasiga  alohida e’tibor bergan. Buni bo’lim boblarini nomlanishidan ham ko’rishimiz mumkin.

Bu bobdalarda afsonaviy podshohlardan boshlab tartib bilan turli davr va mamlakatlar maliklari zikr etilgan. Bu ma’lumotlar qisqa bo’lishiga qaramay, ular shubhasiz Sharq mamlakatlarining qadimgi va o’rta asr tarixini yoritishda katta qiziqish tug’diradi.

Birinchi bobda Eron shohlarining Peshdodiylar, Qayoniylar, Ashnoniylar va Sosoniylar sulolasi haqida ma’lumotlar berilgan. Eron shohlarining 1-sulolasi Peshdodiylardir.

Bu sulolaning birinchi podshohi – Qayumars. Uning laqabi “qilshoh”, ya’ni  “yer podshosidir”, chunki u forslar fikricha birinchi inson bo’lib, uning yerdan boshqa hech qanday boyligi bo’lmagan, so’ngra Umhanq (Hushang)-uning laqabi “Bishdod”dir.

Podshohlarning ikkinchi sulolasi – Qayoniylar.

Qay- qudratili degani, qayon (shu so’zning ko’pligi ma’nosida) “qudratlilar”.

Ularning birinchisi Qayquboz-uning lakabi “Birinchi”, so’ngra, qayqovus- uning lakabi “Namurd”, ya’ni “o’lmagan”. R.Bahodirovning  taxminiga ko’ra,  bu  yahudiylar “Namrud” deb nomlangan odam, so’ngra, Qayxusrav – uning lakabi “Humoyun” uning ma’nosi “xudoning marhamatiga sazavor bo’lgan”lardir.

Ummaviylar. Ularning na sifatlari va laqablari  bo’lgan.

Ulardan birinchisi Mu’oviya ibn Sahr Abu Sufyon ibn Harb, so’ngra o’g’li Yazid, keyingisi, uning  o’g’li Mu’oviya ibn Yazid.

So’ngra Abbos ibn Abd al-Mutallib avlodlaridir.

Islomgacha bo’lgan davrdagi Yaman tarixi bizda katta qiziqish uyg’otadi.

Alohida bob Rum va Yunon tarixiga  bag’ishlangan. Bu bobda  bizni Markaziy Osiyolik olimlarning Rum va Yunon haqidagi bilimlari darajasini aniqlashga yordam beruvchi manba sifatida qiziqtiradi, shuningdek Markaziy Osiyoda o’rta asrlarda  qadimgi dunyo va Rum hamda Yunon tarixini chuqur va yaxshi bilganliklaridan dalolat beradi. Bu fikrni Rum imperatorlari tarixiga oid oxirgi, to’qqizinchi bob ham tasdiqlaydi.

Oltinchi bob Eron tarixiga oid. Bu bobda  usha uzoq davrlarda Eron mintaqasida va  boshqa joylarda tarqalgan tillar haqida ma’lumot beriladi va bu tillar tarqalgan viloyatlar aytib o’tilgan.

Yettinchi bobda  asosan arab istilolari va islom tarqalgandan keyingi davrga oid xabarlar berilgan. Bu bobda, shuningdek ba’zi ismlarga izoh  berilgan:

 Robita – bu yilqilar (miniladigan hayvonlar)i bo’lgan badaviylardir.

Farog’ina – bu Farg’ona ahlidir.

Iqshid – bu Farg’ona podshohining ismi, podshohdan so’ng mansab bo’yicha kelgan ayo’nlarni esa “savorataqin” deyishgan”.

Abu Abdulloh al-Xorazmiy tasnifining o’ziga xos xususiyati – bu oddiydan murakkabga, ma’lumdan noma’lumga o’tishdir.

XULOSA. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, haqiqatan ham milodning IX-XI asrlari Markaziy Osiyoda tabobat va kimyo ilmlarini chuqur o’rganib, ularni rivojlantirgan Abu Bakr ar-Roziy, buyuk faylasuf Abu Nasr al-Forobiy, ilmu-n-nujum va jo’g’rofiya fanlarining taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Nasir al-Farg’oniy, olamga mashhur xoziq tabib Abu Ali ibn Sino kabi buyuk allomalar davri edi.

 Abu Abdulloh al-Xorazmiy o’z o’tmishdoshlarining ilmiy bilishlari haqidagi fikrlarini ma’lum darajada umumlashtirdi va boyitdi. Abu Abdulloh al-Xorazmiy tinmay mehnat qilib yirik tadqiqotlar olib borgan va kimyo tarixi, xususan Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari kimyosi bilan tanishishga haraqat qiladi. Umuman olganda, Abu Abdulloh al-Xorazmiy o’z davri tabiiy va riyoziyot ilmlarini yaxshi bilgan.                      

      Abu Abdulloh al-Xorazmiy tasnifining o’ziga xos xususiyati – bu oddiydan murakkabga, ma’lumdan noma’lumga o’tishdir.

Shunday qilib, Abu Abdulloh al-Xorazmiyning “Mafotih al-ulum” (“Ilmlar kalitlari”) asari o’ziga xos qomusiy asar bo’lib, o’sha davrdagi deyarli hamma asosiy fan sohalarini qamrab olgan. Muallif o’rta asrlardagi har bir fan mazmunini asosiy voqealarini sharhlash yo’li bilan tushuntirib bergan.

SAYTIMGA XUSH KELIBSIZ !